Hurmatli tibbiyot sohasi xodimlari, aziz hamkasblar!
Sizlarni kasb bayramingiz — Tibbiyot xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Inson salomatligini asrash, hayotini muhofaza qilish, kasalliklarning oldini olish va jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishdek ezgu va mas’uliyatli vazifani zimmasiga olgan tibbiyot xodimlarining mehnati har qanday e’tirof va ehtiromga munosibdir.
Tibbiyot — bu nafaqat kasb, balki yuksak fidoyilik, bilim, sabr-toqat, mas’uliyat va insonparvarlikni talab qiladigan sharafli faoliyatdir. Har bir tibbiyot xodimining kundalik mehnati ortida inson hayoti, oilalar xotirjamligi va jamiyat farovonligi mujassam.
Ayniqsa, sanitariya-epidemiologiya va jamoat salomatligi tizimi xodimlarining faoliyati aholi salomatligini ta’minlashda alohida o‘rin tutadi. Yuqumli va boshqa kasalliklarning oldini olish, epidemiologik osoyishtalikni saqlash, oziq-ovqat mahsulotlari va ichimlik suvi xavfsizligini nazorat qilish, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishini ta’minlash hamda aholi o‘rtasida profilaktik targ‘ibot ishlarini olib borish — katta bilim, hushyorlik va mas’uliyat talab qiladigan muhim vazifalardir.
Bu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan har bir mutaxassisning o‘z vazifasiga sidqidildan yondashishi, kasbiy bilim va tajribasini muntazam oshirib borishi, zamonaviy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etishi tizim samaradorligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Fursatdan foydalanib, o‘z kasbiga sadoqat bilan xizmat qilayotgan barcha shifokorlar, hamshiralar, epidemiologlar, sanitariya vrachlari, laboratoriya mutaxassislari, dezinfektorlar, texnik xodimlar hamda sohaning boshqa barcha fidoyi vakillariga chuqur minnatdorlik bildiraman.
Ishonamanki, sizlarning bilim va tajribangiz, mas’uliyatli mehnatingiz hamda kasbingizga bo‘lgan sadoqatingiz tufayli xalqimiz salomatligini muhofaza qilish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash yo‘lidagi ezgu ishlarimiz izchil davom etadi.
Aziz hamkasblar!
Barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt va xotirjamlik, sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Mehnatingiz doimo e’tirof etilsin, kasbiy yutuqlaringiz bardavom bo‘lsin, el-yurt hurmati va ehtiromi sizlarni hech qachon tark etmasin!
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Malika KUDRATXODJAYEVA
Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i