Assalomu alaykum, aziz va qadrli yurtdoshlar!
Avvalo, Sizlarni butun musulmon olami uchun ulug‘ va qadrli bo‘lgan muborak Qurbon hayiti ayyomi bilan Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi nomidan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Qurbon hayiti asrlar davomida xalqimizning ma’naviy hayotida alohida o‘rin egallab kelayotgan, insonlarni ezgulikka, mehr-oqibatga, saxovat va bag‘rikenglikka chorlaydigan ulug‘ ayyomdir. Ushbu muborak kunlarda yurtdoshlarimiz o‘rtasida o‘zaro hurmat, mehr-muruvvat va inson qadri yanada yuksaladi. Ayniqsa, ehtiyojmand insonlarga yordam qo‘lini cho‘zish, keksa avlod vakillarini qadrlash, oilalarda ahillik va hamjihatlikni mustahkamlash kabi ezgu fazilatlar xalqimizning yuksak ma’naviyati va qadriyatlarini namoyon etadi.
Bugungi kunda yurtimizda inson salomatligini asrash, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash hamda aholi uchun xavfsiz va sog‘lom muhit yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu yo‘lda tizimimiz xodimlari o‘z kasbiga sadoqat bilan xizmat qilib, xalq salomatligini muhofaza qilishdek sharafli va mas’uliyatli vazifani sidqidildan ado etib kelmoqda. Fursatdan foydalanib, ana shu fidokorona mehnat qilayotgan barcha sanitariya-epidemiologiya sohasi xodimlariga chuqur minnatdorlik bildiraman.
Muborak Qurbon hayiti kunlarida barcha yurtdoshlarimizni sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilishga, jamoat joylarida ozodalikka rioya etishga hamda o‘z salomatligi va yaqinlari salomatligiga e’tiborli bo‘lishga chaqiraman. Zero, inson salomatligi — eng katta boylikdir.
Yaratganning o‘zi xonadonlaringizdan tinchlik-osoyishtalikni, fayzu barakani aritmasin. Har bir oilaga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, rizq-ro‘zning mo‘l bo‘lishini tilayman. Ezgu niyat va ibodatlaringiz ijobat bo‘lsin!
Muborak Qurbon hayiti barchamizga qutlug‘ va barakali bo‘lsin!
Malika Kudratxodjayeva,
Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i