Assalomu alaykum qadrli yurtdoshlar!
Barchangizni mamlakatimiz hayotidagi eng ulug‘ va qadrli sana — O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34-yilligi bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!
Mustaqillik bizga milliy davlatchiligimizni tiklash, erkin va ozod jamiyat qurish, xalqimizning qadriyatlari va an’analarini asrab-avaylash hamda ulug‘ maqsadlar sari dadil qadam tashlash imkoniyatini berdi. Bugun Vatanimiz taraqqiyotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, tinchlik va osoyishtalikning ta’minlanishi — mustaqillik ne’matlarining yorqin samarasidir.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligini ta’minlash yo‘lida bizning boshqarma jamoasi ham fidokorona mehnat qilib kelmoqda. Poytaxtimizda barqaror epidemiologik vaziyatni saqlash, yuqumli kasalliklarning oldini olish, aholiga sifatli tibbiy-epidemiologik xizmat ko‘rsatish va xavfsiz hayot muhitini yaratish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarimiz, albatta, xalqimiz salomatligi va farovonligiga xizmat qiladi.
Bugungi kunda ham biz yagona xalq, bir millat bo'lib ko'zlagan yuksak marralarimiz sari olg'a qadam tashlamoqdamiz. Yangi O'zbekistonni bunyod etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish, erkin demokratik davlatga aylanish uchun davlatimiz rahbari boshchiligida yakdillikda harakat qilyapmiz.
Fursatdan foydalanib, barchangizni yana bir bor Mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklar ekanman, yutimizdan tinchlik, xonadonlarimizdan fayzu baraka arimasligini tilayman.
Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
Malika Kudratxodjayeva,
Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig'i