Oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash va saqlash jarayonida sanitariya qoidalariga rioya qilmaslik mahsulot sifatining buzilishiga olib keladi. Aynan saqlash sharoitiga amal qilinmaganda uni iste'mol qilish zaharlanish holatini keltirib chiqaradi.
Bugun Sanepidqo'mita Toshkent shahar boshqarmasi Sergeli tuman bo'limi mutaxassislari tomonidan olib borilgan o'rganishlar davomida ruxsat etilmagan joyda tayyorlanib, saqlash sharoitiga rioya etmagan holda sotilayotgan mahsulot savdosi aniqlandi.
Xususan, "Yangi Sergeli" ko'chasi yuzida belgilanmagan joyda fuqaro tomonidan shashlik tayyorlanayotgani ma'lum bo'ldi va ushbu holat bartaraf etildi.
O'rganishlar davomida "Ittifoq" mahallasi hududida sifatini kafolatlovchi hujjatlari mavjud bo'lmagan, noto'g'ri sharoitda saqlanayotgan mors ichimligi savdosi to'xtatildi. Sotuvchiga tushuntirishlar berilishi bilan bir qatorda jarima qo'llanildi.
Eslatib o'tamiz, oziq-ovqat mahsulotlari xaridini amalga oshirayotganda ularning qadoqlanganligi va saqlash sharoitiga alohida e'tibor qarating.
Sanepidqo'mita Toshkent shahar boshqarmasi
Axborot xizmati