Ijtimoiy tarmoqlarda Yunusobod tumanidagi SPA salonlaridan birida go‘yoki asossiz tekshiruv o‘tkazilgani haqidagi xabarlar yuzasidan Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
‼️Joriy yilning 11-iyun kuni Yunusobod tumani, Aripova ko‘chasida joylashgan SPA saloni faoliyati yuzasidan kelib tushgan murojaat, jumladan, “Mirzo Ulug‘bek” mahalla fuqarolar yig‘inining 9-iyundagi xati hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Yunusobod tuman bo‘limining tegishli murojaati asosida amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq, Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida nazorat tadbiri o‘tkazildi.
🔍Tekshiruv davomida obyektda sanitariya qoidalari va me’yorlarining bir qator qo‘pol buzilish holatlari aniqlandi. Xususan, massaj xonalari va yordamchi xonalarda shamollatish tizimi mavjud emasligi, massaj xonalarida qo‘l yuvish rakovinalari o‘rnatilmagani, ayrim xonalarning ta’mirtalab holatda ekani, oshxona va kirxonaning bir xonada joylashtirilgani, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash uchun zarur sharoit yaratilmagani, tozalash anjomlarini saqlash va ulardan foydalanishda sanitariya talablari buzilgani, xodimlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlar hamda dezinfeksiya va chiqindilarni olib chiqish bo‘yicha tegishli shartnomalar taqdim etilmagani aniqlandi.
🚫Mazkur kamchiliklar sanitariya talablariga zid bo‘lib, yuqumli kasalliklarning tarqalishi uchun xavf tug‘dirishi mumkinligi sababli korxona rahbariga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi hamda obyekt faoliyati kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar vaqtincha to‘xtatildi.
✅Shu munosabat bilan ma’lum qilamizki, mazkur nazorat tadbiri tuman bo‘limi tomonidan noqonuniy yoki asossiz ravishda emas, balki vakolatli tashkilotlar va fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosida amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq ravishda o‘tkazilgan.
🔹Fuqarolarimizdan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan tasdiqlanmagan va biryoqlama axborotlarga tanqidiy yondashishlarini hamda faqat rasmiy manbalarga tayanishlarini so‘raymiz.
Sanepidqo'mita Toshkent shahar boshqarmasi
Axborot xizmati