Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining Mirobod tuman bo‘limi yangidan foydalanishga topshirildi.
2025-yil 4-dekabr kuni Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining Mirobod tuman bo‘limida rekonstruksiya va zamonaviy ta’mirlash ishlarining yakunlanishi munosabati bilan tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Sanepidqo'mita raisining birinchi o‘rinbosari N. Atabekov, Sanepidqo'mita Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i M. Kudratxodjayeva, Mirobod tumani hokimi Anvar Sayfutdinov, tuman prokurori Bobur Abdullayev, hokim o‘rinbosarlari, deputatlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Marosim avvalida boshqarma boshlig‘i Malika Kuratxodjayeva so‘zga chiqib, poytaxtda aholi salomatligini muhofaza qilish, epidemiologik barqarorlikni ta’minlash hamda sohada moddiy-texnik bazani mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, so‘nggi yillarda tuman bo‘limlarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ta’mirlash va rekonstruksiya jarayonlari xodimlar uchun qulay sharoit yaratish, ko‘rsatib kelinayotgan xizmatlar sifatini yaxshilashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Shundan so‘ng boshqarma boshlig‘i va tuman hokimi tomonidan ramziy lentalar kesilib, yangilangan bino rasman foydalanishga topshirildi.
Ma’lumot uchun, Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi Mirobod tuman bo‘limi 1971 yilda qurilgan bo‘lib, 1 ta asosiy va 2 ta qo‘shimcha binolardan iborat. 2021 yilda Mirobod tumani hokimining qaroriga asosan mahalliy byudjetdan 610 million so‘m ajratilib, bo‘lim binosi qisman joriy ta’mirlangan. Binoning tom qismi qattiq tunuka profil bilan yangilangan. Mahalliy qozonxona va isitish tizimi to‘liq ta’mirdan chiqarilgan. “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi” orqali ajratilgan 400 million so‘m mablag‘ evaziga 2 qavatli binoning eshik va rom bloklari zamonaviy ko‘rinishga almashtirilgan va qo‘shimcha ta’mirlash ishlari bajarilgan.
2023 yilda Prezidentning “Tashabbusli budjet” loyihasi 2-mavsumida “Mirobod tuman bo‘limi Bakteriologiya laboratoriyasini ta’mirlash” tashabbusi g‘olib deb topilib, 1 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Mazkur mablag‘ asosida laboratoriya bo‘linmalari to‘liq rekonstruksiya qilingan.
2025-yilda “Tashabbusli budjet” loyihasining 1-mavsumida bo‘lim tomonidan binoning to‘liq fasadini yangilash, 2-qavatni to‘liq ta’mirlash, darvozani almashtirish, hovlida daraxtlar uchun sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yish kabi tashabbus 1 102 ta ovoz bilan g‘olib bo‘lgan. G‘olib tashabbus asosida bo‘limda keng qamrovli rekonstruksiya ishlari yakunlandi.
Yangilangan Mirobod tuman bo‘limi zamonaviy talablarga javob beradigan, xodimlar uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratgan, poytaxt aholisi salomatligiga xizmat qiluvchi muhim sanitariya-epidemiologik infratuzilmalardan biri sifatida faoliyatini davom ettiradi.
Sanepidqo'mita Toshkent shahar boshqarmasi
Axborot xizmati