Gelmintoz – bu turli xil gijja va parazitlarning inson organizmida yashashi natijasida yuzaga keladigan kasalliklar. Ayniqsa, bolalar orasida keng tarqalgan. Ushbu kasalliklardan himoyalanish uchun quyidagi qoidalarga amal qilish muhim:
Qo‘llarni yuvish odatini shakllantirish
Bolalarga ovqatlanishdan oldin, tashqaridan uyga kirgandan so‘ng va hojatxonadan keyin qo‘llarini sovun bilan yaxshilab yuvishni o‘rgating.
Meva va sabzavotlarni yaxshilab yuvish
Har qanday meva va sabzavotni iste'mol qilishdan oldin, ularni toza suv bilan yuvish lozim. Zarurat bo‘lsa, qaynatilgan suvdan foydalanish tavsiya etiladi.
Suvni faqat qaynatib iste'mol qilish
Xom suv iste'mol qilishdan saqlaning. Bolalarga faqat qaynatilgan yoki tozalangan suv ichirish zarur.
Tirnoqlarni toza saqlash
Tirnoqlarning o‘sib ketishiga yo‘l qo‘ymang va ularni doimo toza holda tuting. Chunki tirnoqlar orasida ko‘pincha gijja tuxumlari to‘planadi.
O‘yinchoqlar va uy jihozlarini dezinfeksiya qilish
Bolalarning o‘yinchoqlari va ular tez-tez qo‘l tegadigan jihozlarni muntazam ravishda tozalang va zarur bo‘lsa, dezinfeksiya qiling.
Ko‘cha hayvonlariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish
Bolalarni it, mushuk yoki boshqa hayvonlar bilan o‘ynashda ehtiyot bo‘lishga o‘rgating. Ular bilan o‘ynagandan keyin qo‘llarni darhol yuvish kerak.
Profilaktik ko‘riklar va dorilardan foydalanish
Shifokor ko‘rsatmasiga ko‘ra, yiliga bir yoki ikki marta gelmintlarga qarshi dori vositalarini ichish va bolani muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish muhim.
Eslatma: Gelmintoz kasalligini oldini olishda gigiyena asosiy o‘rinda turadi. Ota-onalar va o‘qituvchilar bolalarga tozalikka rioya qilishni o‘rgatish orqali ularga sog‘lom turmush tarzini shakllantirishlari mumkin.
Sizning oilangiz salomatligi – eng qimmat boylikdir!
Sanepidqo'mita Toshkent shahar boshqarmasi
Axborot xizmati