❓Sanepidqo‘mita dezinfektorlari sichqon, kalamush tutadimi?
❓Kundalik turmushda "SES" xodimiman deb pul yig‘ib yurganlar kimlar?
❓Aslida zararsizlantirish ishlari qay tartibda olib boriladi?
Dezinfeksiya - bu tashqi muhitda yuqumli kasalliklar qo‘zg‘atuvchilarini yo‘qotishga, ya'ni zararsizlantirishga qaratilgan tadbir hisoblanadi. Dezinfeksiya atamasi bu umumiy yig‘ma atama hisoblanib, dezinfeksiya tarkibiga : dezinfeksiya, dezinseksiya, deratizatsiya tadbirlari kiradi.
Dezinfeksiya - bu yuqumli kasalliklar qo‘zg‘atuvchilari (bakteriya, virus, zamburug‘larni) ni yo'qotishga qaratilgan chora-tadbir turi hisoblanadi.
Dezinseksiya - bu yuqumli kasalliklar yuqishida qatnashadigan yoki o‘zlari kasallik keltirib chiqaradigan (pashsha chivin,burga,bit,kanalar) bo‘g‘imoyoqlilarni yo‘qotishga qaratilgan chora-tadbir turi hisoblanadi.
Deratizatsiya - bu ba'zi bir yuqumli kasaliklarda infeksiya manbai hisoblangan (sichqon, kalamush va boshqa) kemiruvchilarga qarshi kurash tadbir turi hisoblanadi.
Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi va tuman dezinfeksiya bo‘limlarida epidemiologik ko‘rsatmaga asosan yuqumli kasalliklar aniqlangan o‘choqlarda zararsizlantirish ishlari o‘tkazib kelinmoqda.
Bundan tashqari Toshkent shahar aholisidan bizning boshqarmaga o‘zini ses xodimi deb tanishtirib, xonadonlar, tadbirkorlik subyektlari oshxona, kafe, xususiy klinikalar, sartoroshxona, go‘zallik salonlari va boshqa turli tashkilotlarga majburiy dezinfeksiya qilish talabini qo‘yib, pul undirib ketish holatlari bo‘yicha ko‘p murojaatlar kelib tushmoqda.
Ma'lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish kerakki, Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi va tuman bo‘limlari xodimlari dezinfeksiya o‘tkazish va dorilarni sotish uchun uyma-uy va tadbirkorlik subyektlarida yurmaydi. Bunday xizmat aholining ixtiyoriy murojaatiga ko‘ra shartnoma asosida o‘tkazib beriladi. Shuningdek, Qo'mita xodimlari tomonidan yuqumli kasalliklar aniqlangan o‘choqlarda epidemiologik ko‘rsatmaga asosan dezinfeksiya ishlari o‘tkaziladi.
Yuqoridagilarni ma'lum qilish bilan birga Toshkent shahar aholisiga murojaat qilar edikki, sizning ish faoliyatingiz va uyingizga o‘zini "SES" xodimi deb tanishtirib kelgan shaxslar (soxta SES xodimlari) bo‘yicha ogohlikni oshirib, ularning xizmat guvohnomasini talab qilishingizni, agar ular xususiy dezinfeksiya faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxona xodimi bo‘lsa, korxona hujjatlari va dezinfeksiya faoliyati bilan shug‘ullanish uchun maxsus lisenziyasini talab qilib, zararsizlantirish uchun ishlatiladigan dezinfeksiya vositasi belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tganligi bo‘yicha hujjatlarni taqdim qilgandagina, shunda ham ixtiyoriy ravishda dezinfeksiya tadbirlarini o‘tkazishingiz mumkin. Yuqoridagi shaxslar tomonidan firibgarlik yo‘li bilan pul undirish holatlari kuzatilsa, hududiy uchastka noziri yoki 102 telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.
Sanepidqo'mita Toshkent shahar boshqarmasi
Axborot xizmati