Yildan yilga fuqarolarning chet elga chiqish ko‘rsatkichi oshib bormoqda. Kimdir ish, kimdir dam olish, yana kimdir ziyorat maqsadlarni ko‘zlab, xorijiy davlatlariga yo‘l oladi. Safarga otlangan fuqarolar vaksina olish haqida o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Natijada turli kasalliklarga chalinish ehtimoli ortadi. Bu orqali nafaqat o‘zi, balki atrofdagilarning ham salomatligi xavf ostida qoladi. Xorijda bo‘lib qaytgan har bir odam o‘zi bilmagan holda qaysidir kasallik tashuvchisiga aylanib qolishi mumkin.
Ayniqsa, Umra amallarini bajarishda xususiy turfirmalar ham o‘z xizmatlarini ko‘rsatayotgani fuqarolar uchun yanada kengroq imkoniyatlar eshigini ochgani rost. Bularning barchasi yaxshi albatta. Ammo, masalaning ikkinchi, biroz xavotirli tomoni ham bor.
So‘nggi yillarda meningitga tez tarqaluvchi kasallik sifatida qaralib, bunga qarshi tizimli emlash ishlari tashkil qilib kelingan. Jumladan, Haj va Umra ziyoratlarini ado etishga otlangan har bir o‘zbekistonlik bu vaksina bilan emlangan. Ammo, oxirgi vaqtlarda bu vaksinani qabul qilish masalasi e’tibordan deyarli qolib ketdi.
Ma'lumot o'rnida aytish joizki, meningit — o‘ta yuqumli kasallik bo‘lib, bosh va orqa miya pardalarining o‘tkir yallig‘lanishi bilan kechadi. Mazkur kasallik dunyoning aksariyat mamlakatlarida sog‘liqni saqlash tizimining jiddiy muammosi bo‘lib, kasallikka chalingan bemorlarning o‘lim holatlari va nogironlik darajasining yuqori bo‘lishi bilan xavfli.
Meningit kasalligi nimasi bilan xavfli? Nega biz bu kasallikdan himoyalanishimiz kerak?
Meningokokk infeksiyasi dunyoning barcha hududlarida qayd etilgan yuqumli kasalliklardan biri. Kuniga 30 000 ga yaqin bemor ro‘yxatga olinadigan davlatlar ham bor. Bu, birinchi navbatda Nigeriya, Janubiy Sudan, bular Afrikaning janubida joylashgan mamlakatlardir.
Nega biz odatda Haj yoki Umra qilgan barcha fuqarolarimizdan avval emlanishni so‘raymiz?
Gap shundaki, qisqa vaqt ichida u yerga dunyoning turli burchaklaridan juda ko‘p odamlar yig‘iladi. Va, albatta, hech kim ularda meningokokk infeksiyasi yo‘q deb kafolat bera olmaydi. Shu sababli ham fuqarolarimiz safarga otlanganlarida meningokokk infeksiyasiga, shuningdek, grippga qarshi emlanishlari kerak. Gap shundaki, meningokokk infeksiyasi havo orqali yuqadigan infeksiyadir. Ya’ni kasallikka chalingan kimdir aksirsa yoki yo‘talsa infeksiya butun atrofga tarqaydi. Bu virus tashqi muhitga chidamsiz bo‘lib, odam organizmidan tashqarida 30 daqiqadan so‘ng nobud bo‘ladi. Mikrob burun, halqum, orqa miya suyuqligi, qon va terida ko‘payadi. Shu bois unga chalingan bemor infeksiya manbayi hisoblanadi. Meningit istalgan yoshda uchrashi mumkin.
Ko‘p yillik kuzatuvlarimiz shuni ko‘rsatmoqdaki, meningitga qarshi emlanganlar meningokokk infeksiyasiga chalinmaydi.
Sanepidqo'mita Toshkent shahar boshqarmasi
Axborot xizmati