YuKEM АT - Sanepidqo'mitaning yagona tashkiliy, huquqiy tizimda epidemiologik vaziyatni markazlashtirilgan tarzda nazorat qilish va monitoringini taʼminlash uchun yaratilgan axborot tizimidir. Yuqumli kasalliklar shakllari va hududiy mansubligini hisobga olgan holda Qoʼmita tizimining uslubiy va axborot maydoni hisoblanadi.
Oldingi tizimda maʼlumotlar qogʼoz shaklida yigʼilib keyinchalik Excel dasturiga kiritilib, yuqori turuvchi tashkilotlarga taqdim etib borilgan. Bunda inson omili natijasida katta ehtimol bilan xatoliklar yuzaga kelishi, maʼlumotlarning notoʼgʼri kiritilishi (sanalarda xatolik yoki kasallanganlarning shaxsiy maʼlumotlarida xatoliklar) kuzatilgan.
Toshkent shahrida ham yuqumli kasalliklar elektron monitoringini ishga tushirish maqsadida, Sanepidqoʼmita Toshkent shahar boshqarmasi boshlig'ining o'rinbosari Dilfuza Rasulova va АKT mutaxassisi Sarvar Muzaffarov boshchiligida joriy yilning 21-22 avgust kunlari oʼquv seminari tashkil etildi.
Seminarda yuqumli kasalliklar shifoxonalari va birlamchi tibbiy boʼgʼin mutaxassislari ishtirok etishmoqda.
Yangi tizimning joriy etilishi natijasida:
➖yuqumli kasalliklarning epidemiologik faolligini keng miqyosda monitoring qilish imkoniyatiga oʼtish taʼminlanadi;
➖yuqumli kasalliklar, shuningdek, texnogen yoki tabiiy ofatlar tarqalishining real tahdidi yuzaga kelgan taqdirda oʼz vaqtida javob qaytarish imkonini oshiradi;
➖ushbu tizim bir vaqtning oʼzida xabar yetkazish vaqtini (onlayn tarzda) qisqartirish, qogʼoz sarf qilishni tejash va yuqumli kasalliklar oʼchogʼidagi epidemiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarini erta belgilash hamda amalga oshirish imkonini beradi.
Sanepidqo'mita Toshkent shahar boshqarmasi
Axborot xizmati