🌡Qish — nafaqat sovuq ob-havo, balki gripp, o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (O‘RVI) va boshqa yuqumli kasalliklar ko‘proq uchraydigan mavsum hamdir. Haroratning pasayishi, yopiq va gavjum xonalarda uzoq vaqt bo‘lish hamda shamollatishning yetarli emasligi respirator infeksiyalarning tarqalishiga qulay sharoit yaratishi mumkin.
🦠QISH MAVSUMIDA QAYSI KASALLIKLARDAN EHTIYOT BO‘LISH KERAK?
🔴Gripp va O‘RVI — isitma, yo‘tal, tomoq og‘rig‘i, burun oqishi, bosh va mushak og‘rig‘i bilan namoyon bo‘ladi.
🔴Pnevmoniya (zotiljam) — o‘pka to‘qimasining yallig‘lanishi bo‘lib, ayrim hollarda respirator infeksiyalarning asorati sifatida rivojlanadi.
🔴Bronxit — bronxlarning yallig‘lanishi bo‘lib, yo‘tal va balg‘am ajralishi bilan kechishi mumkin.
🔴Meningokokk infeksiyasi — kam uchrasa-da, juda xavfli kechishi mumkin. Yuqori isitma, kuchli bosh og‘rig‘i, bo‘yin qotishi va hushning buzilishi kabi belgilar kuzatilishi mumkin.
⚠️QISH MAVSUMIDA KASALLIKLARNING XAVFLI TOMONLARI
🔺Infeksiyalar qisqa vaqt ichida ko‘plab insonlarga yuqishi mumkin.
🔺 Ayrim bemorlarda kasallik og‘ir kechib, pnevmoniya va boshqa asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
🔺 Yosh bolalar, keksalar, homilador ayollar va surunkali kasalliklari mavjud insonlarda og‘ir kechish xavfi yuqoriroq.
🔺 O‘z vaqtida tibbiy yordamga murojaat qilmaslik kasallikning og‘irlashishiga olib kelishi mumkin.
🛡KASALLIKLARDAN HIMOYALANISH UCHUN 8 MUHIM TAVSIYA:
✅Grippga qarshi emlaning. Emlanish gripp va uning og‘ir asoratlari xavfini kamaytirishga yordam beradi.
✅Qo‘l gigiyenasiga rioya qiling. Qo‘llarni sovun bilan muntazam yuving, zarur hollarda antiseptik vositalardan foydalaning.
✅Xonalarni shamollating. Yopiq joylarda toza havo almashinuvini ta’minlang.
✅Niqobdan foydalaning. Ayniqsa, gavjum joylarda va respirator kasallik alomatlari mavjud bo‘lganda niqob taqing.
✅To‘g‘ri ovqatlaning. Ratsioningizda sabzavot, meva, oqsilga boy mahsulotlar va yetarli miqdorda suyuqlik bo‘lishiga e’tibor bering.
✅Ob-havoga mos kiying. Sovuqda organizmni, ayniqsa, bosh, qo‘l va oyoqlarni sovuqdan asrang.
✅Kasallik alomatlari bo‘lsa, uyda qoling. Boshqalarga infeksiya yuqtirmaslik uchun jamoat joylariga borishni cheklang.
✅O‘z vaqtida shifokorga murojaat qiling. O‘zboshimchalik bilan antibiotik yoki boshqa dori vositalarini qabul qilmang.
🚑QACHON SHOSHILINCH TIBBIY YORDAM KERAK?
🗣Nafas qisishi, ko‘krak qafasida og‘riq, hushning buzilishi, kuchli holsizlik, tirishish yoki bo‘yin qotishi kabi belgilar kuzatilsa, zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat qiling.
📌YODDA TUTING! Sovuq havoning o‘zi gripp yoki O‘RVIni keltirib chiqarmaydi. Bu kasalliklarni viruslar qo‘zg‘atadi. Shuning uchun mavsumiy profilaktika, shaxsiy gigiyena va emlanish salomatlikni himoya qilishda muhim ahamiyatga ega.
Sanepidqo'mita Toshkent shahar boshqarmasi
Axborot xizmati