Aziz va muhtaram yurtdoshlar!
Sizlarni, sizlar orqali barcha yurtdoshlarimizni xalqimiz hayotidagi eng ulug‘ va qutlug‘ sana — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Mustaqillik — bu xalqimizning asriy orzu-intilishlari, ozod va erkin hayot sari qat’iy qadamlarining buyuk ifodasidir. O‘zbekiston o‘z mustaqilligiga erishganidan buyon o‘tgan 35 yil davomida mamlakatimiz siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy hayotning barcha jabhalarida ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi.
Bugun Yangi O‘zbekiston qiyofasi tobora yangilanib, xalqimizning munosib hayot kechirishi, inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, ta’lim va tibbiyot tizimini rivojlantirish, zamonaviy infratuzilmani barpo etish, tadbirkorlik va bunyodkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, inson qadri, uning salomatligi va farovonligi davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etilayotgani barchamizga katta mas’uliyat yuklaydi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligini ta’minlash tizimida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar uchun ham bu mas’uliyat nihoyatda ulug‘dir. Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash, yuqumli kasalliklarning oldini olish, immunoprofilaktika tadbirlarini izchil amalga oshirish, oziq-ovqat va ichimlik suvi xavfsizligini nazorat qilish, atrof-muhit omillarining inson salomatligiga ta’sirini o‘rganish hamda aholining sanitariya madaniyatini yuksaltirish yo‘lidagi har bir sa’y-harakatimiz inson salomatligi va kelajagimiz uchun xizmat qiladi.
Bugungi tinch va osoyishta hayotimiz, farzandlarimizning baxtli kelajagi, jamiyatimizdagi barqarorlik va bunyodkorlik muhiti — Mustaqillikning eng katta ne’matlaridandir. Shu bois, bu ulug‘ bayram bizni Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi va yurtimiz kelajagi yo‘lida yanada fidokorona mehnat qilishga undaydi.
Fursatdan foydalanib, poytaxtimizning sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida mehnat qilayotgan barcha fidoyi va mas’uliyatli hamkasblarimizga, tibbiyot xodimlariga, soha mutaxassislariga hamda jamoatchilik vakillariga o‘z minnatdorligimni bildiraman.
Aziz yurtdoshlar!
Barchangizga mustahkam sog‘lik, oilaviy xotirjamlik, baxt-saodat, fayzu baraka va farovonlik tilayman. Xonadonlaringizdan tinchlik-osoyishtalik, mehr-oqibat va quvonch arimasin. Farzandlarimiz sog‘lom va baxtli ulg‘ayib, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan avlod bo‘lib voyaga yetsin.
Yurtimiz osmoni doimo musaffo, xalqimiz qalbi xotirjam, dasturxonlarimiz to‘kin, xonadonlarimiz obod bo‘lsin!
Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin! Vatanimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!
O‘zbekistonimizning yangi taraqqiyot va farovonlik sari dadil odimlari bardavom bo‘lsin!
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi muborak bo‘lsin!
Malika Kudratxodjayeva
Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i