Bosh sahifa / Jamoatchilik nazorati -korrupsiya ildiziga bolta uradi

Jamoatchilik nazorati -korrupsiya ildiziga bolta uradi

Korrupsiyaga qarshi kurashish murakkab vazifa, lekin birgalikda harakat qilsak bu borada zafarlarga erishamiz.
Har qanday jamiyat faoliyatidagi eng dolzarb  va ularni tashvishga solayotgan muammolarni ijobiy hal etish uchun jamoatchilik nazorati muhim ahamiyatga egadir. Qolaversa, jamoatchilik nazoratining mavjudligi huquqiy-demokratik davlat va fuqarolik  jamiyatini shakllantirishda ahamiyatlidir.

Demak, jamoatchilik nazorati fuqarolik jamiyatning muhim sharti, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi, fuqarolarning huquq  va erkinliklarini, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faol ishtirokini ta’minlash imkoniyatidir. Zero jamoatchilik nazorati har bir kishida mamlakat rivojiga, uning milliy yuksalishiga bevosita daxldorlik tuyg‘usini kuchaytiradi. Bunday nazoratga erishilgan davlatda odamlar mansabdor, mutasaddilar va boshqaruv organlari vakillarining noqonuniy xatti-harakatlariga, xizmat lavozim va mansablarni suiste’mol qilayotganlarga nisbatan qonun talablarining buzilishi kabi boshqa salbiy holatlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Mamlakat qonunlarida turli darajadagi rahbarlar, jumladan, parlament a’zolarining, viloyat, shahar va tuman kengashi deputatlarining saylovchilar oldida vaqti-vaqti bilan hisobot berishi belgilab qo‘yilgan.

Shu o‘rinda, jamoatchilik nazorati tushunchasiga biroz to‘xtalib o‘tsak. O‘zbekiston yuridik ensiklopediyasida qayd etilishicha, jamoatchilik nazorati-bu davlat hokimiyati va boshqaruv organlari hamda nodavlat tashkilotlar faoliyati ustidan fuqarolar, ularning birlashmalari va o‘zini-o‘zi boshqaruv organlari, fuqarolik jamiyatining boshqa tuzilmalari (institutlari), shuningdek, davlat va nodavlat organlari tarkibida tuzilgan jamoatchilik organlari tomonidan qonun doirasida olib boriladigan nazorat.

Davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish hamda amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida, 2018 yil 12 aprelda O‘zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Ushbu qonunnning 6-moddasida jamoatchilik nazoratining quyidagi sakkizta shakli belgilab o‘tilgan:
davlat organlariga murojaatlar va so‘rovlar;
davlat organlarining ochiq hay’at majlislarida ishtirok etish;
jamoatchilik muhokamasi;
jamoatchilik eshituvi;
jamoatchilik monitoringi;
jamoatchilik ekspertizasi;
jamoatchilik fikrini o‘rganish;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan ijro etuvchi hokimiyat organlarining, boshqa tashkilotlar va muassasalarning hisobotlarini eshitish.

Ushbu belgilar orqali davlat va nodavlat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining o‘zaro hamkorligini rivojlantirish va tom ma’nodagi jamoatchilik nazoratini tashkil etish mumkin. Bu esa o‘z-o‘zidan korrupsiyaga qarshi kurashishning amaliy jihatlarini yengillashtiradi.

Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi Korrupsiyaga qarshi kurash ichki nazorat mas’ul xodimi N.K.Nurullayeva

23-06-2026, 15:41
Ortga qaytish