Bugun Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologiya boshqarmasi hamda qator hamkor tashkilotlar ishtirokida «Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish hamda tarbiyalanuvchilarning xavfsizligi, ularning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish» mavzusida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda soha mutaxassislari, poytaxtimizdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari hamda mas’ul xodimlar ishtirok etdi.



Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilish davomida maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatida uchrayotgan mavjud muammolar va kamchiliklar atroflicha tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Shuningdek, Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologiya boshqarmasi mutaxassislari tomonidan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida olib borilgan nazorat tadbirlari natijalari yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. Taqdimotda aniqlangan sanitariya qoidalari buzilishlari, ularning kelib chiqish sabablari hamda bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida tarbiyalanuvchilar uchun xavfsiz, sog‘lom va sifatli ta’lim muhitini yaratish borasidagi mas’uliyatni yanada kuchaytirish, amaldagi sanitariya talablariga qat’iy rioya etish hamda aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Sanepidqo'mita Toshkent shahar boshqarmasi
Axborot xizmati