Assalomu alaykum hurmatli faxriylar, aziz yurtdoshlar!
Avvalo, Sizlarni 9-may — Xotira va qadrlash kuni bilan Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi nomidan samimiy muborakbod etaman.
Bu sana — xalqimizning mardlik, jasorat va fidoyilik kabi yuksak fazilatlarini o‘zida mujassam etgan, tinchlik va osoyishtalik yo‘lida jonini fido qilgan ajdodlarimiz xotirasini yod etish, bugungi dorilomon kunlarning qadriga yetish kuni sifatida qalblarimizda alohida o‘rin egallaydi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqimiz front ortida va jang maydonlarida mislsiz matonat ko‘rsatib, og‘ir sinovlarni mardona yengib o‘tgan. Ularning jasorati, sabri va Vatanga bo‘lgan sadoqati bugungi avlod uchun chinakam ibrat maktabidir. Ayniqsa, bugungi tinch va farovon hayotimiz zamirida ana shunday fidoyi insonlarning mashaqqatli mehnati va buyuk jasorati mujassam ekanini hech qachon unutmasligimiz lozim.
Xotira va qadrlash kuni — bu nafaqat o‘tganlarni yod etish, balki yoshi ulug‘ insonlarimizga, faxriylarimizga, ota-onalarimizga, ustoz va murabbiylarimizga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, ularning hayot yo‘li va boy tajribasini qadrlash kunidir.
Bugungi kunda yurtimizda inson qadri ulug‘lanib, faxriylarimizga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlik davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida davom ettirilayotgani barchamizni quvontiradi. Zero, xalq va millat xotirasi barhayot ekan, uning kelajagi ham mustahkam bo‘ladi.
Shu muborak kunda urush va mehnat faxriylariga mustahkam sog‘lik, uzoq umr, xonadonlariga tinchlik-xotirjamlik, yurtimizga esa doimo tinchlik va barqaror taraqqiyot tilayman.
Xotira abadiy, inson qadri muqaddas bo‘lsin!
Malika Kudratxodjayeva,
Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i