Bosh sahifa / Wendy’s fast-food tarmog‘i faoliyati yuzasidan tarqalgan noto‘g‘ri talqinlarga izoh berildi

Wendy’s fast-food tarmog‘i faoliyati yuzasidan tarqalgan noto‘g‘ri talqinlarga izoh berildi

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtimizning Mirobod tumanida joylashgan Wendy’s fast-food tarmog‘ida o‘tkazilgan kuchaytirilgan nazorat tadbirlari yuzasidan noto'g'ri videolavhalar tarqalib, keng jamoatchilik orasida turli muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Mazkur holat ayrim foydalanuvchilarda ushbu brend faoliyatiga nisbatan noto‘g‘ri tasavvur va salbiy fikrlarning shakllanishiga olib kelgani kuzatildi. Shuningdek, fast-food tarmog‘i vakillari ham videolavhalarda aks etgan holatlar yuzasidan o‘z e’tirozlarini bildirdilar.

Qayd etish kerakki, videolavhalarda aks etgan tasvirlar Mirobod tumani bo‘limi tomonidan nazorat tadbiri o‘tkazilgan kuni tasvirga olinib, Boshqarmaga ma’lumot sifatida taqdim etilgan. Biroq, mazkur materiallarni Boshqarmaga taqdim etish va telekanalga uzatish jarayonida holatlar noto‘g‘ri talqin qilinishi oqibatida xabar mazmuni o‘zgarib ketgan hamda jamoatchilikka noto‘g‘ri axborot yetkazilgan.

Shu munosabat bilan Wendy’s fast-food tarmog‘i rahbariyatidan va jamoatchilikdan yuzaga kelgan noqulay holat uchun uzr so‘raymiz.

Shuningdek, ma’lumotlarni tayyorlash va taqdim etish jarayonida xatolikka yo‘l qo‘ygan Mirobod tumani bo‘limi mas’ul xodimiga nisbatan belgilangan tartibda intizomiy chora qo‘llanilganini ma'lum qilamiz.

Mazkur vaziyatni xolis, shaffof va har tomonlama o‘rganish maqsadida fast-food tarmog‘i rahbariyati ishtirokida qo‘shimcha o‘rganish ishlari olib borildi hamda barcha jarayonlarni aniq va haqqoniy yoritish uchun qo‘shimcha videotasvirlar qayta o‘rganildi.

O‘rganishlar davomida ishlatilgan yog‘ mahsulotlari qayta foydalanish uchun emas, balki belgilangan tartibda utilizatsiya qilishdan avval sovutilish jarayonida saqlanayotgani, oziq-ovqat mahsulotlari sovutkichlarda yopiq idishlarda joylashtirilgani, shuningdek, tozalash vositalari uchun alohida ajratilgan joy mavjudligi aniqlandi.

Qayd etish kerakki, tarmoqdagi mahsulotlar sifati ham laboratoriya sharoitida tekshirildi va natijada mahsulotlar sifati sanitariya talablariga to'liq javob berishi hamda tarkibida zararli konserogen moddalari mavjud emasligi, aholi salomatligi uchun hech qanday xavf yo'qligi ma'lum bo'ldi. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, jamoatchilikdan mazkur holat yuzasidan fast-food tarmog‘i faoliyatiga nisbatan asossiz salbiy xulosalar shakllantirmasliklarini so‘raymiz. Ta’kidlash joizki, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishini ta’minlash hamda iste’molchilar salomatligini himoya qilish Boshqarmaning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qoladi. Bu boradagi nazorat tadbirlari amaldagi tartib asosida davom ettiriladi.

Sanepidqo'mita Toshkent shahar boshqarmasi
Axborot xizmati

8-05-2026, 13:10
Ortga qaytish