Meningit — o‘ta yuqumli kasallik bo‘lib, bosh va orqa miya pardalarining o‘tkir yallig‘lanishi bilan kechadi. Mazkur kasallik dunyoning aksariyat mamlakatlarida sog‘liqni saqlash tizimining jiddiy muammosi bo‘lib, kasallikka chalingan bemorlarning o‘lim holatlari va nogironlik darajasining yuqori bo‘lishi bilan xavfli.
Meningit kasalligi nimasi bilan xavfli? Nega biz bu kasallikdan himoyalanishimiz kerak?
Ushbu savollarga Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasining epidemiologiya bo‘limi mudiri Dilfuza Rasulova javob berdi.
Meningit bakteriyalar yoki viruslar tufayli yuqishi mumkin. Meningit asosan havo-tomchi yo‘li – yo‘talish yoki aksirish paytida shilliq yoki so‘lak orqali tarqaladi.
Maishiy aloqa turida esa bemor yoki infeksiya tashuvchisi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa qilish orqali yuqadi.
Gigiyena qoidalariga amal qilinmaslik – ifloslangan qo‘llar orqali virus yoki bakteriyalarni og‘izga olib kirish, shunindek, mikroorganizmlar qon orqali miya qobig‘iga tarqalishi oqibatida ham yuzaga keladi.
Meningit alomatlari va belgilari qanday?
Meningitning birinchi belgilari infeksiya mavjudligi va asab tizimining shikastlanishini ko‘rsatadi. Ko‘pincha, ushbu kasallik to‘satdan boshlanib, tana haroratining to‘satdan yuqori darajaga ko‘tarilishi, kuchli bosh og‘rig‘i, bo‘yin mushaklarining qisqarishi va tortilib qolishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, (bolalarda diareya), ong buzilishi va ovoz yoki yorug‘likka o‘ta sezuvchanlikdir, qizil yoki ko‘kimtir toshmalarning paydo bo‘lishi hamda ong buzilishi, gallyusinatsiya kabi alomatlar bilan namoyon bo‘ladi.
Meningit birlamchi shaklda namoyon bo‘lishi va uni yallig‘lanish joylashuviga ko‘ra uchta asosiy turga ajratiladi:
Leptomeningit – yumshoq miya qobig‘ining yallig‘lanishi, eng keng tarqalgan tur.
Paximeningit – qattiq miya qobig‘ining yallig‘lanishi, juda kam uchraydigan tur.
Panmeningit – yumshoq va qattiq miya qobiqlarining ikkalasi ham yallig‘langanda yuzaga keladi.
Meningit yuqori o‘lim ko‘rsatkichiga ega bo‘lib, jiddiy asoratlarni keltirib chiqaradi. Bugungi kunda kasallikka qarshi sintetik antibiotiklar, shuningdek, emlashlar mavjud bo‘lib, ular pnevmokokk, meningokokk va gemofil tayoqchasiga qarshi immunitetni shakllantiradi.
Meningitning yuqori xavfi sababli emlash muhim ahamiyatga ega. Xavf guruhiga asosan bolalar, yoshlar va immuniteti kamaygan shaxslar kiradi. Bu virus tashqi muhitga chidamsiz bo‘lib, odam organizmidan tashqarida 30 daqiqadan so‘ng nobud bo‘ladi. Mikrob burun, halqum, orqa miya suyuqligi, qon va terida ko‘payadi. Shu bois unga chalingan bemor infeksiya manbai hisoblanadi. Meningit istalgan yoshda uchrashi mumkin.
Kasallikning oldini olish uchun gigiena qoidalariga amal qilish, bemorlar bilan aloqani cheklash, shuningdek, xavfli viruslar va bakteriyalarga qarshi emlanish tavsiya etiladi. Shuningdek, meningit bilan kasallangan bemorlarni o‘z vaqtida izolyatsiya qilish, ular bilan muloqotda bo‘lganlarni kuzatish kasallikning tarqalishini kamaytiradi.
“Meningokokk infeksiyasi dunyoning barcha hududlarida qayd etilgan yuqumli kasalliklardan biri bo‘lib, kuniga 30 000 ga yaqin bemor ro‘yhatga olinadigan davlatlar ham bor. Bu, birinchi navbatda Nigeriya, Janubiy Sudan - bular Afrikaning janubida joylashgan mamlakatlardir.
Nega biz odatda Haj yoki Umra qilgan barcha fuqarolarimizdan avval emlanishni so‘raymiz?
Yildan yilga fuqarolarning chet elga chiqish ko‘rsatkichi oshib bormoqda. Kimdir ish, kimdir dam olish, yana kimdir ziyorat maqsadlarni ko‘zlab, xorijiy davlatlarga yo‘l oladi.
Safarga otlangan fuqarolar vaksina olish haqida o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Natijada turli kasalliklarga chalinish ehtimoli ortadi. Bu orqali nafaqat o‘zi, balki atrofdagilarning ham salomatligi xavf ostida qoladi. Xorijda bo‘lib qaytgan har bir odam o‘zi bilmagan holda qaysidir kasallik tashuvchisiga aylanib qolishi mumkin.
Ayniqsa, Umra amallarini bajarishda xususiy turfirmalar ham o‘z xizmatlarini ko‘rsatayotgani fuqarolar uchun yanada kengroq imkoniyatlar eshigini ochgani rost. Bularning barchasi yaxshi albatta. Ammo, masalaning ikkinchi, biroz xavotirli tomoni ham bor.
Gap shundaki, qisqa vaqt ichida u yerga dunyoning turli burchaklaridan juda ko‘p odamlar yig‘iladi. Va, albatta, hech kim ularda meningokokk infeksiyasi yo‘q deb kafolat bera olmaydi. Shu sababli ham fuqarolarimiz safarga otlanganlarida meningokokk infeksiyasiga, shuningdek, grippga qarshi emlanishlari kerak. Gap shundaki, meningokokk infeksiyasi havo orqali yuqadigan infeksiyadir. Ya’ni, kasallikka chalingan kimdir aksirsa yoki yo‘talsa infeksiya butun atrofga tarqaydi.
Yuqoridagilarga asosan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi va uning hududiy tizimlari tomonidan quyidagi amaliy ishlar olib borilmoqda.
- Har yili Saudiya Arabistoni Podshohligining Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ziyorat va Umra amalini ado etish bo‘yicha yangilangan talablari Din ulamolari, imomlar, tibbiyot xodimlari, epidemiologlar va boshqa mas’ul xodimlar o‘rtasida o‘rganib chiqilib, zaruriy chora-tadbirlar belgilanadi.
- manfaatdor tashkilot va muassasalar (Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining hududiy boshqarmalari, hududiy Sog‘liqni saqlash boshqarmalari va boshqa) bilan yangilangan talablar o‘rnatilgan tartibda amaliyotga kiritilmoqda.
“Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi Saudiya Arabistoni Podsholigi Haj va Umra vazirligidan olingan “Haj-2026” mavsumida safar qiluvchi ziyoratchilar uchun yangi tibbiy talablarni qo‘ygan. Mazkur talablarga asosan 2026 yil uchun ham Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i ishlab chiqilgan va unga ko‘ra Saudiya arabistoniga O‘zbekistondan boradigan hojilarni “Haj ziyoratiga borishga to‘sqinlik qiluvchi kasalliklar ro‘yhati”ga rioya qilgan holda bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi ta’minlanishi va tegishli xulosalarni berish ishlari amalga oshirilishi, meningit va pnevmoniyaga qarshi emlash ishlari olib borilganligi va emlanganlik sertifikati bo‘lishi nazoratga olinishi belgilab berilgan va shundan keyingina haj vizasini rasmiylashtirilishi talab etilmoqda.
Ko‘p yillik kuzatuvlarimiz shuni ko‘rsatmoqdaki, meningokokk infeksiyasiga qarshi emlanganlar meningit kasalligiga chalinmaydi. Ushbu kasallikka qarshi emlanish sizni bu kasallikdan himoya qilinishizda eng samarali usullardan hisoblanadi.