Bosh sahifa / Joriy yilning o'tgan davri mobaynida 328 ta tuz namunasi laboratoriya sharoitida tekshirildi

Joriy yilning o'tgan davri mobaynida 328 ta tuz namunasi laboratoriya sharoitida tekshirildi

Yod inson salomatligi uchun zarur bo‘lgan muhim mikroelement bo‘lib, qalqonsimon bez faoliyati va aqliy rivojlanishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. 

Yod tanqisligi avvalo qalqonsimon bez faoliyatining buzilishiga olib keladi. Natijada odamda moddalar almashinuvi sustlashadi, uyquchanlik, dangasalik, tana haroratining pasayishi, vazn ortishi kabi belgilar kuzatiladi. Homilador ayollarda esa yod yetishmovchiligi homila rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi — bu aqliy va jismoniy nuqsonlar, tushish yoki o‘lik tug‘ilish holatlarini keltirib chiqarishi mumkin. Bolalarda esa aqliy rivojlanishning ortda qolishi, nutqning sekinlashuvi va o‘qishda qiyinchiliklar yuzaga keladi. Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, yod tanqisligi mavjud hududlarda aholi IQ darajasi boshqa joylarga nisbatan pastroq bo‘ladi.

JSST tavsiyasiga ko‘ra, kunlik tuz iste’moli 5 grammdan oshmasligi lozim.

Bugungi kunda poytaxtimizda 4 ta tuz ishlab chiqarish korxonasi mavjud bo’lib, bular Olmazor tumanida 3 ta, Sergeli tumanida 1 tani tashkil qiladi. Joriy yilning o’tgan davri mobaynida Sanitariya-gigiyena laboratoriyasida 328 ta tuz namunasi yod miqdorining yetarli darajada ekanligini aniqlash yuzasidan tekshirildi. 

Aytish joizki, ishlab chiqarish korxonalaridan 17 ta namuna olib tekshirilganida 2 tasida, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalaridan 228 ta namuna olib tekshirilganida 57 tasida, boshqa muasasalardan, ya’ni ta’lim tashkilotlaridan 83 ta namuna olinib, laboratoriya sharoitida tekshirilganida 25 ta namunada talabga javob bermaslik holati aniqlandi. Natijada talabga javob bermagan tuz namunalari ishlatilayotgan obyektlardagi osh tuzi qayta ishlab chiqarish uchun korxonalarga yuborildi va ushbu korxonalarga boshqa tuz ishlatish tavsiyasi berildi. Shuningdek, o’rganishlar davomida iste’mol uchun yaroqsiz holga kelgan 3 kg miqdoridagi osh tuzining realizatsiya qilinishi to’xtatildi.

Yod bug‘lanishga moyil modda bo‘lganligi sababli bunday tuzni to‘g‘ri saqlash va ishlatish ham muhim ahamiyatga ega. Uni salqin, qorong‘i va namlikdan xoli joyda, qopqog‘i yopiq idishda saqlash kerak. Pishirishda esa yod yo‘qolib ketmasligi uchun tuzni ovqat tayyor bo‘lishiga yaqin va iloji boricha oxirida solish tavsiya etiladi.

Sanepidqo'mita Toshkent shahar boshqarmasi
Axborot xizmati


3-07-2025, 15:27
Ortga qaytish