Bosh sahifa / VIRUSLI GEPATITNING "B" VA "C" TURLARINI ANIQLASH BO'YICHA BEPUL SKRINING OLIB BORILMOQDA

VIRUSLI GEPATITNING "B" VA "C" TURLARINI ANIQLASH BO'YICHA BEPUL SKRINING OLIB BORILMOQDA

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, Yer yuzida gepatit "B" va "C" bilan zararlangan insonlar soni 325 millionni tashkil qiladi, ushbu kasallik sabab yiliga 1,5 million inson hayotdan ko‘z yumadi. 

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yildagi "Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish to'g'risida" gi qarori hamda Jahon Sog'liqni saqlash tashkilotining 2030-yilga kelib virusli gepatitning "B" va "C" turlarini eliminatsiyaga erishish bo'yicha strategiyasini amaliyotga tatbiq etishga doir vazifalar ham belgilab berilgan.

Qayd etish joizki, poytaxtimiz aholisi uchun virusli gepatitning "B" turi uchun 175 600 ta, "C" turi uchun ham 175 600 ta ekspress testlar ajratilgan. 2025-yil mart holatiga ko'ra poytaxtimiz aholisining 154 695 nafari virusli gepatit "B" turiga, 154 643 nafari esa virusli gepatitning "C" turiga skriningdan o'tkazilgan. 

Bugungi kunda Toshkent shahridagi markaziy ko'p tarmoqli hamda oilaviy poliklinikalarda virusli gepatitning "B" va "C" turini aniqlash uchun ekspress testlar berilgan. Ushbu tekshirish jarayonlarida o'tkaziladigan testlar bepul tarzda amalga oshirilmoqda. Agar siz 18 yoshdan oshgan bo'lsangiz, o'z xonadoningizga yondosh bo'lgan poliklinikada bepul skriningdan o'tish imkoniyatiga egasiz. 

Virusli gepatitning ushbu ikki turi bilan kasallanganlik holati aniqlanganda, bemorlarga davolanish uchun ko'rsatma beriladi va virusli gepatitning "C" turiga qarshi dorilar ajratilgan bo'lib, uni bepul berish jarayonlari amalga oshirilmoqda.

O'z salomatligingizga befarq bo'lmang. Unutmang, kasallikni davolashdan ko'ra, uni oldini olgan muhimroq.

Sanepidqo'mita Toshkent shahar boshqarmasi
Axborot xizmati


20-03-2025, 16:15
Ortga qaytish