Bugun o‘zbekistonliklar orasida jonivor boqadiganlar ko‘paygan. Ayniqsa yoz kunlarida ko‘chada sayr qilib yurgan it yoki mushuklar ham talaygina. Va ular quturish kasalligining asosiy tarqatuvchisi hisoblanadi.
Quturish (gidrofobiya) – issiqqonli hayvonlarda uchraydigan, neyrotrop virus qo‘zg‘atadigan, kasallangan hayvonning so‘lagi bilan muloqot natijasida (tishlashi, tirnashi, so‘laklashi va boshqa muloqotlar) yuqadigan, markaziy asab tizimining chuqur shikastlanishi bilan kechadigan va bugungi kunda o‘lim bilan yakun topadigan og‘ir zooantiroponoz, tabiiy o‘choqli o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir.
Bu kasallik hatto kemiruvchilar va ko‘rshapalaklardan ham tarqalishi mumkin. Kasallik hayvonlardan hayvonlarga va hayvonlardan odamlarga yuqadi. Odamdan odamga va odamlardan hayvonlarga yuqmaydi.
Belgilari:
➖Bemorning tana harorati ko‘tariladi, qon tomirlarining urishi tezlashadi, suvni ko‘rganda, hattoki suv to‘g‘risida eshitganda yutish muskullari tortishib, qisqarib, qattiq og‘riydi, ya’ni bemorda gidrofobiya alomati paydo bo‘ladi.
➖Shundan keyin bemorda havodan qo‘rqish (aerofobiya) alomati qo‘shiladi. Havo harakati yoki bemorni biror-bir narsa bilan yelpiganda (sochiq, qog‘oz va h.), bemor bo‘g‘iladi, talvasaga tushadi. Xuruj yorug‘likdan (fotofobiya), baland ovoz va shovqindan ham (akustofobiya) vujudga keladi.
➖Bemorning harorati +38ºSgacha ko‘tariladi, ovozi bo‘g‘iladi, badani terlab, so‘lagi oqadi, hiqichoq tutadi, ko‘z qorachig‘i kengayadi, oyoq-qo‘llari og‘riydi. Ko‘zlari bir narsadan qo‘rqqandek ko‘rinadi. Tomirning tez-tez urishi davom etadi (taxikardiya), nafas olish yuzaki va tartibsiz bo‘ladi, vaqti-vaqti bilan bemor chuqur nafas oladi. Muskullari tortishib, talvasalanish nafas va yutish muskullaridan boshlanib, keyin barcha muskullarga tarqaladi.
➖Bemorning uyqusi buziladi, o‘z-o‘zini tishlaydi. Es-hushi kirdi-chiqdi bo‘lib qoladi, keyinchalik bemorning ko‘ziga yo‘q narsalar ko‘rinadi (gallyutsinatsiya), u alahsiraydi.
✅Kasallik yuqishidan himoyalanish uchun har bir fuqaro ushbu qoidalarga amal qilsa bas:
- it saqlash qoidalariga puxta va muntazam amal qilish;
- itlarni hududiy veterinariya xizmati idorasiga o‘z vaqtida hisobga qo‘yib, quturishga qarshi emlatish;
- egasiz, daydi itlarning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik;
- imkoni boricha it va boshqa hayvonlar tishlashidan saqlanish choralarini ko‘rish, bordi-yu biror-bir hayvon tishlasa, zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat etish va mutaxassis vrachning tavsiyasiga ko‘ra quturish kasalligiga qarshi emlatish.
✅Yuqorida aytilgan tavsiyalarga amal qilingan taqdirdagina, biz dahshatli, o‘ta xavfli yuqumli kasallik hisoblangan quturishdan o‘zimizni asragan bo‘lamiz.
Sanepidqo'mita Toshkent shahar boshqarmasi
Axborot xizmati