Virusli gepatit xalq orasida «sariq kasalligi» deb nomlanib, o‘tkir yuqumli kasallik hisoblanadi. Gepatit virusi toza yuvilmagan qo‘llar sababli yuqadi, ko‘p holatlarda bolalar o‘rtasida keng tarqaladi, chunki aksariyat holatlarda bolalar shaxsiy gigiyena qoidalariga to‘liq va to‘g‘ri rioya qilmaydilar.
Sanepidqoʼmita Toshkent shahar boshqarmasi Bektemir tuman boʼlimi mutaxassislari tomonidan virusli gepatit kasalligi qayd etilganligi sababli, 290-sonli umum ta'lim maktabida epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilib, o‘choqli dezinfeksiya tadbirlari amalga oshirildi. Laboratoriya tahlillari o‘tkazish uchun ichimlik suvidan namunalar olinib, Toshkent shahar boshqarmasi virusologiya laboratoriyasiga yuborildi.
Muassasa mas'ullariga o‘quvchilar o‘rtasida yuqumli va parazitar kasalliklarni oldini olishda ertalabki filtr, kundalik tozalash ishlarini sifatli o‘tkazish hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etishda nazoratni kuchaytirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Eslatib o'tamiz, virusli gepatitning A va B turlariga qarshi kurashda profilaktik emlash ishlarini o‘tkazish kasallikning kamayishi va oldini olishda eng samarali usul hisoblanadi.
Sanepidqo'mita Toshkent shahar boshqarmasi
Axborot xizmati