Uy sharoitida tayyorlangan, sifati kafolatlanmagan konserva mahsulotlarini iste'mol qilish oqibatida aholi o‘rtasida ovqatdan zaharlanishlarning eng xavfli turi, hatto ba'zida o‘lim bilan yakunlanuvchi – botulizm kasalligi uchrab turadi.
Bunday holatlarni oldini olish maqsadida tumanda joylashgan bozor va do'konlarda Sanepidqo'mita Toshkent shahar boshqarmasi Uchtepa tuman bo'limi mutaxassislari nazorat tadbirlarini doimiy ravishda olib boradi.
Bugungi nazorat tadbiri Farhod dehqon bozorida olib borildi va fuqarolar tomonidan sifati kafolatlanmagan umumiy miqdori 17 kg bo'lgan qo'lbola uy sharoitida tayyorlangan tuzlangan pomidor va bodiring konserva mahsulotlari aniqlandi va brakeraj qilindi.
Fuqarolar bilan botulizm kasalligini oldini olish bo'yicha profilaktik suhbatlar o'tkazildi.
Qayd etish joizki, supermarketlar, bozorlarda sanoat usulida, texnologik jarayonlar hamda belgilangan talablar asosida ishlab chiqarilgan konserva mahsulotlarining barcha turlari mavjud. Ularni saqlash sharoitiga ham to‘la rioya etiladi. Ushbu mahsulotlarning deyarli barchasi mamlakatimizda ishlab chiqarilgan va sifati muvofiqlik sertifikati bilan kafolatlangan. Sotib olinayotgan har bir mahsulotning amal qilish muddatiga ham qat'iy rioya etish zarur.
Sanepidqo'mita Toshkent shahar boshqarmasi
Axborot xizmati