Muzqaymoq sut mahsulotidan tayyorlanganligi sababli tez o'zgaruvchan mahsulotlar sirasiga kiradi. Shu sababli uni minus haroratda saqlash talab etiladi. Shuningdek, muzqaymoqni eritib, qayta-qayta muzlatib iste'mol qilish mumkin emas. Chunki erigan muzqaymoq tarkibi o'zgaradi va o'ziga bakteriyalarni jalb qilib olish xususiyati ortadi.
Chilonzor tumandagi savdo majmualari, yo‘l chetlaridagi savdo tarmog‘i obyektlari oldida maxsus ajratilmagan va jihozlanmagan joylarda savdosi amalga oshirilayotgan yumshoq muzqaymoq mahsulotlaridan Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi Chilonzor tumani bo‘limi mutaxassislari tomonidan laboratoriya tahlili uchun namunalar olindi.
Bakteriologik tahlil natijalariga ko‘ra olingan yumshoq muzqaymoq mahsulotlari ITGB (ichak tayoqchasi guruhi bakteriyalari) bilan ifloslanganligi aniqlandi.
Eslatib o'tamiz, O’zDSt 3261:2017 talabiga muvofiq, standartning “tashish va saqlash” bandiga asosan, yumshoq muzqaymoqlarni tashish taqiqlanishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Sanepidqo'mita Toshkent shahar boshqarmasi
Axborot xizmati