Bosh sahifa / Navro'z bayrami munosabati bilan Sanepidqo'mita Toshkent shahar boshqarmasi boshligining bayram tabrigi

Navro'z bayrami munosabati bilan Sanepidqo'mita Toshkent shahar boshqarmasi boshligining bayram tabrigi

Assalomu alaykum, hurmatli yurtdoshlar!

Siz azizlarni kirib kelayotgan ulug‘ va qadimiy bayram —  ayyomi bilan Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi nomidan samimiy muborakbod etaman!

Navro‘z – tabiatning yangilanishi, yasharish va uyg‘onish faslining boshlanishi, mehr-oqibat, hamjihatlik va ezgulik ramzi sifatida xalqimiz hayotida alohida o‘rin tutadi. Ushbu qutlug‘ ayyom asrlar davomida milliy qadriyatlarimiz, urf-odat va an’analarimizni asrab-avaylash, ularni avloddan-avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida inson salomatligini muhofaza qilish, aholi turmush sifatini yaxshilash va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilangan. Shu ma’noda, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash, yuqumli va yuqumsiz kasalliklarning oldini olish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Navro‘z bayrami kunlarida aholining dam olishi, sayil va ommaviy tadbirlarda faol ishtirok etishi tabiiy. Shu bois, fuqarolarimizni jamoat joylarida sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etishga, oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishda ehtiyot choralarini ko‘rishga, shuningdek, shaxsiy gigiyena madaniyatiga alohida e’tibor qaratishga chaqirib qolamiz.

Aziz yurtdoshlar!

Ushbu go‘zal bahor ayyomi barchamizga yangilanish, poklanish va ezgu niyatlar sari intilish ruhini bag‘ishlasin. Har bir xonadonga fayz-u baraka, tinchlik-osoyishtalik, baxt va farovonlik olib kelsin.

Sizlarga mustahkam sog‘liq, uzoq umr, mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman. Yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lida olib borilayotgan ezgu ishlar bardavom bo‘lsin!

Yana bir bor barchangizni Navro‘z bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!

Malika Kudratxodjayeva,

Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig'i

20-03-2026, 14:00
Ortga qaytish