Aholi gavjum bo‘lgan joylarda joylashgan jamoat hojatxonalari kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Ular ko‘pchilik e’tibor bermaydigan, biroq jamoat salomatligi, sanitariya osoyishtaligi va ekologik barqarorlik uchun nihoyatda muhim bo‘lgan infratuzilma obyektlaridan biridir. Jamoat hojatxonalarining tozaligi, texnik holati va ulardan oqilona foydalanish darajasi jamiyatda sanitariya madaniyati qanchalik shakllanganini yaqqol namoyon etadi.
Amaldagi sanitariya qoidalari va me’yorlariga ko‘ra, jamoat hojatxonalari aholiga qulay, xavfsiz va gigiyenik jihatdan talabga javob beradigan holatda bo‘lishi shart. Ularning joylashuvi tasodifiy tanlanmasligi, oziq-ovqat savdosi amalga oshiriladigan hududlardan, ichimlik suvi manbalaridan ma’lum masofada bo‘lishi, shuningdek, harakatlanishi cheklangan shaxslar uchun ham foydalanishga moslashtirilgan bo‘lishi lozim. Bu talablar nafaqat qulaylik, balki sanitariya xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.
jamoat binolarida, yer usti yoki yer osti inshootlarida, harakatlanadigan avtofurgonlarda, maydonlar, avtomagistrallar, sayyohlik marshrutlari, avtomobil yo‘llarining yirik chorrahalarida, vokzal, avtovokzal, aeroport, metro, temir yo‘l stansiyalari, madaniy-ko‘ngilochar va sport inshootlariga tutash hududlarda, shahar atrofi va shahar ichidagi istirohat bog‘lari, xiyobonlar, savdo markazlari, dehqon bozorlari va ko‘ngilochar markazlar hududida, yarmarkalar, madaniy-ommaviy va sport tadbirlari o‘tkaziladigan joylarda, stadionlar, plyajlar, suv sporti inshootlari, suzish havzalarida, madaniy-ommaviy obyektlar, kinoteatr, madaniyat markazlari, kutubxona va galereyalarda, moddiy madaniy meros hamda sayyohlik yo‘nalishi obyektlarida, barcha turdagi yoqilg‘i quyish shoxobchalari va umumiy ovqatlanish korxonalarida, maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarida, savdo do‘konlarida, 25 tadan ortiq avtomobillar to‘xtash joylarida.
Jamoat hojatxonalarida tozalik masalasi doimiy e’tiborda bo‘lishi kerak. Nam tozalash va dezinfeksiya ishlari muntazam ravishda olib borilmasa, hojatxonalar turli yuqumli kasalliklar, xususan, ichak infeksiyalari va parazitar xastaliklar tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, pol, unitazlar, eshik tutqichlari va qo‘l yuvish joylari sanitariya qoidalariga muvofiq tarzda maxsus dezinfeksiyalovchi vositalar bilan tozalanishi talab etiladi. Tozalikka rioya qilish nafaqat sanitariya talabi, balki aholining ushbu maskanlarga bo‘lgan ishonchini mustahkamlovchi omildir.
Hojatxonalarning sanitariya jihatdan talabga javob berishi u yerda o‘rnatilgan jihozlarga ham bevosita bog‘liq. To‘liq ishlaydigan unitazlar, sovuq va issiq suv ta’minoti, sovun, qo‘l quritish vositalari va axlat qutilarining mavjudligi elementar talab bo‘lib, ularning yo‘qligi foydalanuvchilarning shaxsiy gigiyenasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari, hojatxonalarda samarali shamollatish tizimi bo‘lishi, yoqimsiz hidlar to‘planib qolmasligi lozim. Bu esa nafaqat gigiyenik, balki estetik jihatdan ham muhimdir.
Jamoat hojatxonalariga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning mas’uliyati ham alohida ahamiyatga ega. Ular maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlangan, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qiladigan va belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bo‘lishi shart. Chunki xizmat ko‘rsatuvchi shaxslarning sanitariya madaniyati butun obyekt holatiga bevosita ta’sir qiladi.
So‘nggi yillarda jamoat hojatxonalarida suvdan foydalanish masalasi ham dolzarb mavzulardan biriga aylandi. Ichimlik suvi resurslari cheklangan sharoitda, suv eng ko‘p sarflanadigan obyektlardan biri bo‘lgan hojatxonalarda suvni tejash texnologiyalarini joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi. Zamonaviy sensorli kranlar, avtomatik yopiladigan suv tizimlari, ikki rejimli unitaz baklari suv sarfini sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qiladi. Bunday texnologiyalar nafaqat ekologik jihatdan foydali, balki iqtisodiy tomondan ham samaralidir.
Shu bilan birga, suvni tejash masalasida texnik vositalarning o‘zi yetarli emas. Nosoz kranlar yoki doimiy oqib turgan unitazlar minglab litr suvning behuda sarflanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois jamoat hojatxonalaridagi barcha sanitariya jihozlarining texnik holati muntazam ravishda nazorat qilinishi va aniqlangan kamchiliklar o‘z vaqtida bartaraf etilishi lozim.
Eng muhimi, jamoat hojatxonalarida suvni tejash va tozalikni saqlash masalasi foydalanuvchilarning ongli munosabati bilan chambarchas bog‘liq. Aholi orasida gigiyena va suvni tejash madaniyatini shakllantirish, tushuntirish ishlari olib borish, ogohlantiruvchi va eslatma yozuvlardan foydalanish bu borada ijobiy natija beradi. Har bir fuqaro jamoat mulkiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lsa, bu nafaqat bugungi kun, balki kelajak avlodlar manfaatiga ham xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, jamoat hojatxonalarining sanitariya-gigiyenik holatini ta’minlash va ularda suvdan oqilona foydalanish masalasi jamoat salomatligi, ekologiya va umumiy madaniyat bilan bevosita bog‘liqdir. Toza, zamonaviy va talabga javob beradigan jamoat hojatxonalari — bu sog‘lom jamiyatning muhim belgisi hisoblanadi.
Jahongir Mirzamuhammedov,
Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va
jamoat salomatligi boshqarmasi Kommunal gigiyena bo’limi mudiri